Misr (rasmiy nomlanishi: Misr Arab Respublikasi (arabcha: جمهورية مصر العربية)) Afrikaning shimoliy-sharqiy qismida joylashgan davlatdir. Maydoni 1 million 14 ming km². Aholisi 102 million kishi. Poytaxti — Qohira shahri. Maʼmuriy jihatdan 27 viloyatgaga boʻlinadi. Isroil, Falastin, Sudan va Liviya davlatlari bilan chegaradosh. Misr shimolda Oʻrta yer dengizi, sharqida Qizil dengiz joylashgan.Misr davlati ham islom davlatlaridan biri va aholisining asosiy qismi musulmon. Misr davlati- pul birligi Misr funti. Davlat tili- arab tili. Prezidenti- Abdulfattoh as-Sisiy. Misrda yetti moʻjizadan biri yaʼni Misr piramidalari joylashgan.
Maydon
1 002 000 km2
Aholi
105 838 455 inson
Milliy valyuta
Misr funti
Rasmiy til
Arabcha
Rasmiy din
Islom
Misr — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1971-yil 11-sentabrdagi referendumda maʼqullangan, keyinchalik unga oʻzgartirishlar kiritilgan. Davlat boshligʻi — prezident (1981-yildan Muhammad Husniy Muborak). Vakolat muddati — 6 yil. Cheklanmagan marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni prezident amalga oshiradi, u bosh vazir va hukumat aʼzolarini tayinlaydi hamda lavozimlaridan ozod qiladi.
Misr — insoniyat tamadduni (sivilizatsiyasi)ning ilk makonlaridan biri (qarang Misr, Qadimgi Misr). 3—4-asrlarda Misr Rim imperiyasi tarkibiga kirgan. Rim imperiyasi yemirilgach (395), Vizantiyaning bir viloyati boʻlib qoldi. VII-asr boshlarida butun Misr aholisi Vizantiyaning rasmiy pravoslav cherkoviga qarshi boʻlgan xristianlarning monofisit mazhabini qabul qildi. Aholi kopt (qibt) tilida soʻzlashar edi. Shu davrda Misrni sosoniylar, 639—642 yillarda esa arablar bosib oldi va mamlakatda islom dini tarqala boshladi. Keyinchalik tuluniylar (868—905), abbosiylar (905—935), ixshidiylar (935—969) sulolalari hukmronlik qildi. Fotimiylar davri (969—1171)da Falastin, Shom (Suriya) va Gʻarbiy Arabiston Misrga qaram boʻlgan. 1113-yil salib yurishi qatnashchilari Misrga bostirib kirdi. Shimoliy Suriya va Iroqdagi saljuqiylar noibi Nuriddin Mahmud ibn Zangi (1146—74) salibchilarga qarshi kurashda Fotimiy xalifa Adid (1160—71) ga katta yordam berdi. Buning evaziga xalifa uni vazir qilib tayinladi (1169). 1171-yil ayyubiylar sulolasi (1171—1250)ning asoschisi Salohiddin taxtga chiqdi. 1174-yil esa u sulton nomini oldi. 1187-yilda Suriya va Misr harbiy kuchlari birlashib, salibchilarga qaqshatqich zarba berdi va Falastin bilan Suriyani ulardan ozod qildi. Misrda XIII-asr yarmigacha Ayyubiylar, XIV—XV-asrlarda mamluklar hukmronlik qildi.
Misr — agrar-industrial mamlakat. Jahon bozoriga yuqori sifatli uzun tolali paxta va undan toʻqilgan gazlamalarni koʻp miqdorda yetkazib beradi. XIX asr 70-yillar oxiri 80-yillar boshlarida neft qazib olish va eksport qilish kupaya boshladi. Iqtisodiy taraqqiyotga, ayniqsa, sanoat va unga koʻmaklashuvchi tarmoqlarni rivojlantirishga eʼtibor kuchaydi. 90-yillarning oʻrtalarida yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 28,5 %, qishloq xoʻjaligi ulushi 20 % ga yetdi. Mamlakat ichida yuklar, asosan, avtomobil transportida (85 %) tashiladi. Yuk tashishning salkam 10 % temir yoʻllarga, 5 % chasi suv transportiga toʻgʻri keladi. Avtomobil yoʻllari uz. 48,8 ming km. Eng muhim avtomagistrallari: Qohira — Iskandariya, Iskandariya — Marso Matruh, Qohira — Suvaysh, Suvaysh — Port-Said, Qoqira — al-Gʻardaqa, Qohira — Asyut. Transport yoʻli uzunligi — 8,8 ming km. Asosiy temir yoʻl magistrallari: Qohira — Asvon, Qohira — Iskandariya, Qohira — Suvaysh, Port-Said — Ismoiliya. Nil va magistral kanallardagi kema qatnovi yoʻllari uz. — 3 ming km dan ortiq. Dengiz savdo flotining tonnaji — 1,68 mln. tonna dedveyt. Tashqi savdo yuklari, asosan, xorijiy dengiz kemalari va samolyotlarda tashiladi. Asosiy dengiz porti — Iskandariya (Oʻrta dengizda), boshqa yirik portlari — Port-Said va Suvaysh (Suvaysh kanalida), Ras-Shukeyr va Safaga (Qizil dengizda), Qohirada yirik xalqaro aeroport bor.